1.
Do'st tanlashda nimaga e'tibor berasiz? — Xayotda oqibatli,
mehrli insonlar bilan do'stlashishga harakat qilaman. Mansab yoki pul
uchun do'stlashmoqchi bo'lganlardan esa iloji boricha yiroqlashaman. 2.
Aldanganmisiz? — Bir emas, ko'p marta aldanganman.
Ko'pincha mendan qarzga pul olib, "chuv” tushirib ketishadi.
Ishonuvchanligim uchun shunday vaziyatga tushsam kerak. Mana, yaqinda
ham buxorolik Akmal degan yigit qarz olib, ko'rinmay ketdi (kulib). 3.
O'zingiz ham birortasini aldaganmisiz? — Yaxshilik yo'lida
aldashga majbur bo'lganman. Lekin kimningdir ishonchini suiiste'mol
qilmaganman. 4. Xayotda eng yaqin sirdoshingiz? —
Oila a'zolarimning barchasi sirdoshlarim. Xamkasblarim orasida ham
sirdoshlarim ko'p. Atrofdagilar bilan sirlashaman, dardimni aytaman,
maslahat so'rayman. Lekin, baribir, oxirgi qarorni o'zim qabul qilaman.
Ya'ni ko'proq maslahatdosh yoki sirdoshga emas o'z aqlimga suyanaman. 5.
Do'kondan kitob sotib olayapsiz. Nimaga e'tibor berasiz: muqovasiga,
muallifning nomiga yoki sarlavhasiga... — Tez-tez kitob
do'koniga borib turmayman-u, lekin bir borganimda barcha she'riy
kitoblarni sotib olaman. Kitobning mazmun-mohiyatini muqova yoki
sarlavha ochib berolmaydi. Shuning uchun do'kondagi barcha she'riy
kitoblarni sotib olib, uyda birma-bir o'qib chiqaman. Yaxshi she'rlarni
uchratib qolsam, yon daftarimga ko'chirib qo'yaman. O'tgan yili sotib
olgan kitobimdan "Onam yashagan uylar” she'rini yon daftarimga ko'chirib
qo'ygandim. Bir necha oydan keyin she'rni qo'shiq qilish istagi
tug'ulib qoldi. She'rni qaysi kitobdan olganimni eslay olmadim.
Tavakkaliga qo'shiqni konsertimda ijro etdim. Konsertdan keyin she'r
muallifi Abdunabi Boyqo'ziyev qo'ng'iroq qilib: "Qo'shiq barcha oila
a'zolarimga yoqdi. Mening dardimni kuyga solibsiz”, deb quvongan edi. 6.
Nega shaxsiy hayotingizni muxlislardan yashirasiz? — Xar
bir insonning o'z shaxsiy dunyosi bor. Oilani tomorqaga o'xshataman.
Xadeb tomorqangizni xalqqa ko'rsatavermaysiz-ku. Televideniye xodimlari
ko'p marta qo'ng'iroq qilib: "Oilangiz haqida ko'rsatuv olmoqchimiz. Siz
uchun yaxshi reklama bo'ladi”, deyishgan. Bunday takliflarning
birortasini qabul qilmayman. Maqtanishga yoymang-u, har bir inson orzu
qiladigan hashamatli uyim bor. Agar uyimni xalqqa ko'rsatsam, biroz
nochorroq bo'lgan yurtdoshimning ko'ngliga og'ir botishidan qo'rqaman. 7.
Muxlislar orasida noqulay vaziyatga tushganmisiz? — Bir
viloyatga gastrol safari bilan borganimizda, konsert boshlanib bitta
qo'shiq aytganimdan so'ng chiroq o'chib qolgandi. Simlar nosoz bo'lgani
uchun ularni tuzatishning iloji bo'lmagan. Keyin qayerdandir dvijok olib
kelib o'rnatishguncha to'rt soat o'tib ketgandi. Odamlar esa
o'rnilaridan turmay, konsert boshlanishini kutishgan. Tashkilotchilar:
"Dvijok o'rnatilgan taqdirda ham, konsert ko'ngildagidek o'tmaydi.
Yaxshisi, erta-indin konsert beramiz”, deyishganda ham muxlislarni
tashlab ketishga ko'zim qiymagan. Konsert yarim kechada boshlanib, tong
saharda tugagan edi. Tashkilotchilarning konsertga puxta tayyorgarlik
ko'rishmagani uchun muxlislarning oldida rosa xijolat bo'lganman. 8.
Umrni yigirma yil ortga qaytarganda... — Yo'l qo'ygan
xatolarimni takrorlamasdim. Ijod bilan yanada kuchliroq shug'ullangan
bo'lardim. 9. Yigirma yildan keyin o'zingizni qanday tasavvur
qilasiz? — Bashoratchilik qilishni yomon ko'raman. Ertaga
nima bo'lishini Tangrining o'zi biladi. Yigirma yildan keyin ham xalq
nazaridan qolmaslik nasib qilsin, deyman xolos. 10.
Kompyuterdan foydalanishni bilasizmi? — Bugun ijodni
kompyutersiz tasavvur qilib bo'lmaydi. Kompyuter va internetdan
foydalanishni bilaman. San'at, madaniyat va siyosiy xabarlardan ham
internet orqali xabardor bo'laman. 11. Oxirgi marta o'zingiz
haqingizda eshitgan eng "antiqa” mish-mish? — Koshki, antiqa
mish-mish eshitsam. Xamisha o'zim to'g'rimda shum xabarlarni eshitib
yuraman. Tanishlarim qo'ng'iroq qilib: "Falonchi bunday gap topib keldi.
Sog'lig'ing yaxshimiq”, deb shum xabarni aytishganda, biroz ranjigandek
bo'laman. Bu kabi shum xabarlarni eshitaverib, ularga e'tibor
bermaydigan bo'lib qoldim. 12. Ayollardagi qaysi
xususiyatlarni yoqtirmaysiz? — Qaysi xususiyatlarni
yoqtirasiz, deb savol berganingizda, yaxshi bo'lardi (o'ylanib). Yoriga
va oilasiga bevafo va mehrsiz bo'lgan ayollarni yoqtirmayman. 13.
Sog'lig'ingizga befarq emasmisiz? — Befarq emasman, lekin
bir necha marta kasal bo'lishimga qaramay, sahnaga chiqishga to'g'ri
kelgan. Xorazm, Buxoro viloyatlarining havo bosimi yuqori bo'lgani uchun
u yerda o'zimni ancha noqulay his qilaman. Ko'pincha anginam borligi
ham pand beradi. Bir yili issig'im baland bo'lishiga, qaramay sahnada
ikki soat konsert berishimga to'g'ri kelgan. 14. Oxirgi marta
ko'rgan filmingiz? — Juda ko'p filmlarni ko'rdim. Ular
orasida Alisher Uzoqovning "Janob hech kim” filmidagi roli juda yoqdi.
Ayniqsa, "Sava” degan so'zini eshitsam, kulgidan o'zimni to'xtatolmay
qolaman. 15. Sizni quvontirish osonmi yoki... —
Albatta, quvontirish oson. Tabiatan lov etib yonib, pov etib o'chaman.
Birov meni hafa qilgan taqdirda ham, gina saqlamayman. Faqat odamlar
orasida qadrimni yerga urganlarni aslo kechirmayman. 16.
San'atkorlar orasida eng yaqin do'stingiz? — Sobirjon
Mo'minov, Dilshod Rahmonov, Abdulla Ubaydullayev, Musaxon Nurmatov,
Adham Soliyevlar bilan har oy gap yeymiz. 17. San'at va
biznes. Ular orasida qanday o'xshashlik bor? — Ikkisida ham
tinim bilmay ishlash kerak. Bir kun to'xtab qolsang, ikkinchi kun
raqobatchilaring seni yanchib ketishlariga sharoit yaratib bergan
bo'lasan. 18. Ayni
damda sizni o'ylantirayotgan muammo? — Konsertga yaxshi qo'shiqlar tayyorlashim
kerak. 19. Imkoningiz bo'lganda, uyda qaysi jonivorni
parvarishlagan bo'lardingiz? — Ov qilishni yoqtirganim uchun
it boqqan bo'lardim. Bunga sharoitim bor, lekin xohishim yo'q. O'zbek
xonadonida it boqish unchalik yaxshi ko'rinmaydi, deb hisoblayman. 20.
Qaysi ayol san'atkor bilan duet aytishni xohlaysiz? — Duet
aytish imkoni bir necha marta tug'ilgan. Lekin duetning yaxshi
chiqishiga ko'zim yetmagani uchun rozi bo'lmaganman. Lekin boshqa erkak
xonanda bilan o'sha duet shuhrat qozongan. Odatda, ko'zim yetmagan ishga
qo'l urmayman. 21. Sizga qanday kutilmagan sovg'a hadya
qilishgan? — Namangan viloyatidan Oydinoy ismli qiz katta
mashinada 5 kilometrli xat yozib jo'natgan. Katta-katta harflar bilan
yozilgan xatni uch kunda o'qib tugatganman. 22. Qaysi raqamni
yoqtirasiz? — Raqamlarga ishqiboz emasman. 23.
Barcha yo'l qoidalariga amal qilasizmi? — Qo'rqmasdan ha deb
javob bera olaman. Mashina haydayotganimda, muhim qo'ng'iroqlarga ham
javob bermayman. Kamar taqmay rulga o'tirmayman. 24. Tasavvur
qiling, konsertga kech qolayapsiz. Yo'l patrul xizmati xodimi
to'xtatib, hujjatlaringizni talab qilayapti. Shunday paytda qanday yo'l
tutgan bo'lardingiz? — Bor gapni aytaman. Shu paytgacha
iltimosimni yerda qoldirishmagan. Ular ham san'atning qadriga yetishadi. 25.
Ayolingizning qaysi taomi yoqadi? — Odatda, ovqat
tanlamayman. Lekin ba'zida tansiqroq taom yegingiz keladi. O'sha kuni
ayolim men xohlagan ovqatni qilmagan bo'lsa, "Ertaga qilarsan”, deb
qo'yaveraman. 26. O'zingiz ham mustaqil biror narsa
tayyorlashni bilasizmi? — Do'stlarim bilan tabiat qo'yniga
chiqqanda, jiz-biz qilib turamiz. Lekin hamma ovqatni mustaqil tayyorlay
olmayman. 27. Farzandlaringizga qachon kitob sotib olib
bergansiz? — Farzandlarim tengdoshlarining ijodini o'rganib,
ulardan o'rnak olsin degan maqsadda "Tong yulduzi” gazetasiga obuna
bo'lganman. Yuqorida aytib o'tganimdek, kitob do'koniga borsam, barcha
yangi kitoblarni sotib olaman. Farzandlarim ham ularni o'qib chiqishadi. 28.
Sizning idealingizdagi inson? — Vataniga sadoqatli va
jonini fido qilishga tayyor bo'lgan inson. Chunki yorga, oilaga sadoqat
ham vatandan boshlanadi. 29. Nechta xorij davlatlariga safar
qilganmiz? — 15 ta. 30. Agar 1 milliard dollar
topib olsangiz, nima qilgan bo'lardingiz? — O'ylab
o'tirmasdan yarmini sizga berardim (kulib). 31. Ilk marta
sahnaga qachon, qayerda va qaysi qo'shiq bilan chiqqaningizni eslay
olasizmi? — "Aqlu hushim oldi muhabbat” qo'shig'i bilan 1998
yil "Turkiston” saroyida o'tkazilgan konsertda ilk bor katta sahnaga
chiqqanman. 32. Tushlikni odatda soat nechada qilasiz? —
Uyqudan o'n birda uyg'onaman. Taxminan 3-4 larda tushlik qilaman. 33.
Burjingiz chayon ekanligidan xabarim bor. Chayon burjiga berilgan
ta'rif xarakteringizga mosmi? — Tabiatda chayon jahli
chiqqanda o'z-o'zini chaqib o'ldirishi haqida ko'p eshitganman. Men ham
jahlim chiqqanda, ich-etimni yeyman.