Oxirgi yillar ichida Pokiston, Indoneziya,
Turkiya, Peru, Chili va Gaitida sodir bo‘lgan yer qimirlashlari
natijasida minglab kishilar hayotdan ko‘z yumdi. Kamida shuncha kishi
boshpanasiz qoldi. Geologik nuqtai nazardan notinch Himolay tog‘ tizmasi
kelajakda yana ham kuchliroq zilzilalarni keltirib chiqarish ehtimoli
katta. Bu holat zilzilaning oldindan bilish zaruratining globalligini
ko‘rsatmoqda.
Ammo zilzilani bilish juda ham murakkab masala ekani
yaxshi ma'lum. Shunga qaramasdan, ma'lum natijalarni qo‘lga kiritishga
umid bor. Endilikda hayvonlarning o‘zini tutishi, radioaktiv gazlarning
ajralib chiqishi, yer osti suv oqimlari kabi bir qator tabiat
xavf-xataridan ogohlantiruvchi belgilar sirasiga elektromagnit
radiatsiya ham kiritiladigan bo‘ldi. Ba'zi zilzilalardan oldin, olimlar
Yerdan elektromagnit impulslar ajralib chiqishini, ionosferada
elektromagnit to‘lqinlanishlar paydo bo‘lishini va sayyoraning to‘yingan
gazlaridan iborat nozik qobig‘i 80 dan 1000 kilometrgacha kengayishini
kuzatishgan.
Yer qimirlashi
radiosignallar tarqatishini birinchi bo‘lib 20 yil ilgari,
Kaliforniyadagi Stenford Universitetining Fazo Telekomunikatsiyalari va
Radio Fanlari laboratoriyasining olimi Entoni Freyzer-Smit kashf qilgan
edi. 1989 yilning oktyabrida u San-Frantsiskoda sodir bo‘lgan
Loma-Prieta zilzilasi asnosida 10 Gtsgacha bo‘lgan elektromagnit
shovqinlar monitoringini o‘tkazadi. Natijada Freyzer-Smit elektromagnit
shovqinlarning yer qimirlashidan ikki hafta oldin taxminan 20 marta
ko‘paygani hamda ushbu ko‘rsatkich zilziladan keyin bir oygacha saqlanib
turganini kuzatgan. Olim shuningdek, ko‘rsatgich zilziladan 3 soat
oldin eng baland nuqtaga (0,01-0,5 Gerts) yetganini qayd etgan.
O'shandan so‘ng ko‘plab izlanuvchilar
bunday tadqiqotni seysmik hududlarda o‘tkazishga harakat qilganlar.
«Zilzila sodir bo‘lishidan oldin, tegishli
hududlarda qandaydir elektromagnit hodisalar yuz beradi», deydi
Isroildagi Tel-Aviv Universitetining geofizigi Kolin Prays.
Bir qator mutaxassis-olimlarning fikricha,
yer osti stressi kuchayishi bilan magnit zarrali qoyalar parchalana
boshlaydi va 1 Gtsga ham yetmaydigan o‘ta past chastotali
radioto‘lqinlar tarqaladi. Tadqiqotchilar ana shunday radio to‘lqinlarni
aniqlash natijasida zilzilalardan ogohlantirish tizimiga ega
bo‘lishimiz mumkin ekaniga umid qilmoqdalar.
Ayrim tadqiqotchi guruhlar, o‘ta past chastotali diapazondagi
radio impulslarni ilg‘ab olish maqsadida allaqachon chuqur tunnellar
qazishni boshlab yuborishgan. Ba'zi guruhlar esa seysmik zonalar
yuqorisidagi ionosfera qatlamida ro‘y beradigan radioto‘lqinlarni
o‘lchash uchun sensorlar (sezgir asbob) bilan jihozlangan sun'iy
yo‘ldoshlardan foydalanishmoqda. Kolin Prays dastlabki bosqichda ayrim
xatolar bo‘lishini inkor etmayapti va ehtiyotkorlikka ham katta e'tibor
qaratmoqda.
«Imkoniyatlarimiz yuzdan
bir ehtimolga tayangan taqdirda ham, bir kun kelib oldimizga qo‘ygan
maqsadga erisha olsak, tadqiqotning ahamiyati o‘shanda bilinadi.
Izlanishdan to‘xtamaslik kerak» - deydi u.
Yaponiyaning Kioto shahridagi Sangyo Universiteti xodimi
Minoru Sutsui ham shu sohada faoliyat olib bormoqda. U boshchilik qilgan
guruh universitet hovlisining orqa tomonida, kengligi 10 sm, chuqurligi
100 m bo‘lgan chuqur qazgan. Keyin tik yo‘naltirilgan, o‘ta past
chastotali signallarni qabul qiluvchi bitta antennani tubiga,
ikkinchisini yer sirtiga o‘rnatishgan. Antennalar yordamida aniqlangan
o‘ta past chastotali signallar nisbati impulslar qaysi yo‘nalishdan
kelayotganini aniqlash imkonini bergan. 2004 yilning 4 yanvarida o‘ta
past chastotali radioimpulslar janubi-sharqdan kelayotgani aniqlanadi.
Ikki kundan keyin esa janubi-sharqiy hududda epimarkazi 130 kilometrlik,
5,5 balli zilzila sodir bo‘lgan. Yer silkinishidan 6 soat keyin
janubi-sharqdan va janubi-g‘arbdan kelayotgan o‘ta past chastotali
signallar tarqalishda davom etadi va navbatdagi kun signal g‘oyib
bo‘ladi. Shundan so‘ng Kioto guruhi zilzila ma'lum kuchdan oshgan
taqdirdagina ushbu effekt natija berishi mumkin ekanini bildirdi.
Hozirda Sutsui o‘ta past chastotali radioto‘lqinlarining vujudga kelish
mexanizmini aniqlash ustida ish olib boryapti. «Biz bu mexanizmni
aniqlamay turib, epimarkaz qaerda bo‘lishini ayta olmaymiz», deydi u.
Praysning guruhi esa O'lik dengiz va Eylat
oralig‘ida joylashgan, zilzila oqibatida yorilgan vodiyda chuqurligi
175 metr, kengligi 3 metr qilib qazilgan tunneldan ma'lumot yig‘ish
ishlarini davom ettirishdi. Chunki, bu hududda 6 ballik zilzilalar
tez-tez bo‘lib turadi. Lekin, natija kutilganidek chiqmadi. «2003 yildan
buyon stantsiyamiz atrofidagi 100 kilometr maydonda hech qanday
sezilarli hodisa ro‘y bermadi - deydi Prays - Yer silkinishlari 4,4
balldan oshmadi, bu esa o‘ta past chastotali impulslar ustida ish olib
borish uchun yetarli emas».
«Bu xil
hodisalarni o‘lchash imkonsiz», deydi Tokio Elektrokommunikatsiya
Universiteti elektronika muhandisi Masashi Xayakava. U Sutsui
xulosalariga shubha bilan qaraydi. Olimning ta'kidlashicha: «Har xil
ko‘rinishdagi tabiat hodisalari (momaqaldiroq, magnit bo‘roni, meteorlar
va h.k.) o‘zidan o‘ta past chastotali signallar chiqaradi. Sutsui aynan
qaysi signallar zilziladan darak berishini ajratib ololmaydi».
Xayakavaning fikricha, atmosfera barcha jumboqlar javoblarini o‘z ichiga
qamrab olgan. Birlashgan Qirollikning Edinburg Universiteti seysmologi
Ian Mayn: «O'ta past chastotali to‘lqinlar va ionosferik kashfiyotlar
katta qiziqish uyg‘otmoqda. Lekin ular bilan zilzila orasida bog‘liqlik
bor, deb ishonch bilan ayta olishimizga hali erta. Buning uchun olimlar
hali yana ko‘plab zilzilalarni kuzatishlari kerak», deydi.
Biroq Frantsiyaning Ilmiy Izlanishlar
Milliy Kengashi xodimi Mishel Parrot Sutsui fikrini qo‘llab-quvvatlaydi
va isbot tariqasida, Yevropa Fazo Agentligiga qarashli DEMETER (Zilzila
hududidan chiqadigan signalni qayd etuvchi elektromagnit detektor)
sun'iy yo‘ldoshidan olingan dastlabki ma'lumotlarni ko‘rsatib o‘tadi.
DEMETER ionosferaning harorat, zichlik va tarkibini o‘lchaydigan
sensorlar tizimi yordamida 2004 yil 5 sentyabrda Yaponiyaning Kii yarim
orolida ro‘y bergan 7 balli zilziladan 7 kun oldin, ionosfera qatlamida
ion zichligining oshganini va haroratning ko‘tarilganini qayd etgan.
Sun'iy yo‘ldosh orqali, shu yilning 23 yanvarida Indoneziyada sodir
bo‘lgan zilziladan 2 kun oldin, 30 avgust kuni Yaponiya yaqinidagi
zilziladan 5 kun oldin va noyabrda Yangi Zelandiyadagi zilziladan 2 kun
oldin yuqoridagi belgilar kuzatilgan. «Baxtga qarshi, 2004 yilning 26
dekabrida Sumatra zilzilasi Osiyo tsunamisini keltirib chiqarganida va 8
oktyabr kuni Kashmir zilzilasi paytida DEMETER o‘chiq holatda bo‘lgan.
Shuning uchun bu ikki fojia to‘g‘risida hech qanday ma'lumot yo‘q»,
deydi Parrot.
«New Scientist»
jurnalidan Jahongir Qurbonov tarjimasi
"Irmoq" jurnali arxividan